O‘zbekiston “Rowing&Canoe” federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.

Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov, Federatsiya rahbariyati va uning hududiy vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni Oybek Kasimov olib bordi. Dastavval, shu davrgacha O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Alisher Sultonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi.

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Geologiya, energetika, sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobur Farxadovich Islamovning nomzodi federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Shu tariqa Bobur Islamov O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasi raisi etib saylandi.

Ma’lumot uchun, Bobur Farxadovich Islamov 1981 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Faoliyatini geolog sifatida boshlagan mutaxassis yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining turli lavozimlarida samarali mehnat qildi. 2017 yildan ushbu Qo‘mita raisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Tadbirda so‘z olganlar federatsiyaning yangi rahbariga mamlakatimizda eshkak eshish sporti rivojini yangi darajaga olib chiqish, Parij-2024 Olimpiadasiga imkon qadar ko‘proq litsenziyalar qo‘lga kiritish va unda medallarga ega chiqishda kuch-g‘ayrat va omad tilashdi. Xususan, Adham Ikramov so‘z olib, nomzod haqida iliq fikrlarni bildirdi. Unga ko‘ra, yangi rahbarning boy tajribasi va salohiyati evaziga federatsiya ishi yanada jonlanishi, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, yaqin vaqt ichida mamlakatimizda ushbu sport ommaviyligining oshishiga ishonishini ta’kidlab o‘tdi. O‘z o‘rnida Bobur Islamov bildirilgan ishonchni oqlashga, eshkak eshish sportini mamlakatimizda yanada ommalashtirish, sportchilarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga va’da berdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida Azizjon Kamilov ham so‘z olib, yangi rahbarning kelgusi faoliyatiga omad tiladi. Shuning bilan, O‘zbekiston “Rowing&canoe” federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.

1 Звезда2 Звезды
(Пока оценок нет)
Loading...


Email manzilingiz chop etilmaydi.