Mamlakatimiz aholisi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va jismoniy tarbiya milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bugun MOQda tashkilotning birinchi konferensiyasi bo'lib o'tdi. Tadbirni qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bo‘lim mudiri Odil Abdurahmonov, Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yoshlar masalalari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, federatsiya mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tasviriy san'at va sport. Kurash. Oybek Omilovich tashkil etilayotgan yangi Uyushmaning maqsad va vazifalari haqida gapirar ekan, bu Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomalarida belgilab bergan “Sog‘lom turmush tarzi” harakatining amaliy natijasi bo‘lishini ta’kidladi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Sog‘lom turmush tarzi va jismoniy tarbiya milliy assotsiatsiyasi raisi lavozimiga Odil Qalandarovich Abdurahmonov nomzodi ko‘rsatildi. Delegatlar bu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va O.Abduraxmonov mazkur tashkilotga rahbar etib saylandi. O‘z navbatida, Odil Qalandarovich o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilish, shuningdek, mamlakatimizda fitnes sohasini yanada mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga va’da berdi. Kun tartibiga muvofiq, Uyushma raisi o‘rinbosarlari tarkibi ham shakllantirildi. Ushbu lavozimlarga Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev, shuningdek, Jahongir Navro‘zov, Mohir Kerimov va Shohrux Daliyev saylandi. Tadbirda Durdona Rahimova so‘zga chiqib, mazkur tashkilot faoliyatini rivojlantirish, uni navqiron avlod o‘rtasida keng targ‘ib etishda Yoshlar siyosati va sport ishlari vazirligi yaqindan hamkorlik qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.