Nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyoti, balki sport sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan davlat va jamoat arbobi Quvondiq Sanoqulov bugun tavallud ayyomini nishonlamoqda. Quvondiq Sanoqulovich Sanoqulov 1957 yil 12 iyunda tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutini tamomlab, yosh metallurgdan texnika fanlari doktori, O‘zbekiston Qahramoni darajasiga ko‘tarildi. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari rahbari, viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Hozirda Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, Oliy Majlis senatori lavozimlarida ishlab kelmoqda. Quvondiq Sanoqulov ham uzoq yillar O‘zbekiston suzish federatsiyasini boshqargan. Uning rahbarligida suzish, suv polosi, sinxron suzish va suvga sakrash bo‘yicha milliy terma jamoalar har qanday nufuzli musobaqada ham o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ya oladigan jamoalar safidan joy olishda davom etmoqda. Bu muvaffaqiyatlarning barchasida Quvondiq Sanoqulovichning xizmatlari beqiyos. Sanoqulov mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligiga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, shuningdek, oliy davlat mukofoti – “O‘zbekiston Qahramoni” faxriy unvoni va “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlangan.