Kuni kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov Qatar Davlatining O‘zbekistondagi elchisi Hasan Hamza Hochim bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida olimpizm, xususan, futbol bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda MOQ raisi o‘rinbosari Azizjon Komilov, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi bosh kotibi Avaz Maqsumov, shuningdek, qo‘mita xalqaro aloqalar bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Oybek Qosimov Prezidentimiz tomonidan aholi o‘rtasida olimpizm va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, Toshkent shahrida har yili turli sport turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatlari o‘tkazilayotgani, poytaxtimiz 2025-yilda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga hozirlik ko‘rilayotganini aytdi. Janob elchi kelasi oy mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha Osiyo chempionatining tashkiliy masalalari bilan qiziqdi. O‘z navbatida, Avaz Maqsumov davlatimiz ko‘magida bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori saviyada olib borilayotgani, Osiyo futbol konfederasiyasi mutasaddilari bilan muntazam ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadigan Qatar yoshlar terma jamoasining o‘yinlari taqvimi haqida ma’lumot berdi. Suhbat chog‘ida Azizjon Komilov ikki davlat o‘rtasida sport sohasida o‘rnatilgan mustahkam aloqalarga to‘xtalib, ularni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.