Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov federatsiyalar va assosiasiyalar bilan 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik holatini muhokama qildi. Yig‘ilishda federatsiyalarning mas’ul mutasaddilari Zoom platformasi orqali onlayn tarzda ishtirok etishdi. Kun tartibiga muvofiq, birinchi navbatda, mamlakatimizda kuzatilgan anomal sovuqlar davrida terma jamoalarning mashg‘ulotlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash masalasi ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar tomonidan hozirda mamlakatimizda mashg‘ulot o‘tkazayotgan terma jamoalarning holati, sportchilarga berilayotgan ovqatlanish tartibini o‘rganish, binolardagi havo haroratini nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi. Shundan so‘ng joriy yilda o‘tkaziladigan kompleks musobaqalar, Osiyo va jahon chempionatlariga tayyorgarlik ko‘rish rejalari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan har bir jamoa uchun tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, mahalliy va xalqaro musobaqalar rejasini yanada tahlil qilish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.