Samarqand shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo'yicha U18 yosh toifasidagi sportchilar o'rtasida O'zbekiston chempionati (7-15-aprel) va kattalar o'rtasida respublika kubogi (12-15-aprel) o'tkazilishi arafasida O'zbekiston "ROWING & CANOE" federatsiyasiga amaliy yordam ko'rsatish maqsadida, ICF va O'zbekiston "ROWING & CANOE" federatsiyasi o'rtasidagi o'zaro kelishuvga muvofiq, 2025-yil 7-8 aprel kunlari Hilton mehmonxonasi konferensiyalar zalida murabbiylar shtabi, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o'qituvchilari shuningdek, viloyat sport boshqarmalari mutaxassislari uchun ilmiy-amaliy seminar o'tkazildi. Xalqaro seminarni ICF baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha mutaxassis A.Nikonorov olib bordi. Seminarning asosiy mavzulari: mashg‘ulotlarni barcha jihatlarini birlashtirgan omil sifatida samaradorlikni rivojlantirish; yil davomida kuch va intensivlikni oshirish strategiyasi; yil bo'yi mashg'ulotlarda intervalli mashg'ulot joyi; chidamlilikni rivojlantirishda kuch mashqlarining o'rni; quvvatni rivojlantirish va namoyon etishda texnik tayyorgarlikning o'rni; K-4 va C-2 bo‘yicha tayyorlash. Seminarda milliy terma jamoamizdan va respublikamizning turli hududlaridan 80 nafar murabbiy ishtirok etdi. Seminarda A.Nikonorov eshkak eshish sportini rivojlantirish, murabbiylar shtabi tomonidan amaliy faoliyatda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan yangi ilmiy usullar haqida so‘zlab berdi. Batafsil fikr almashildi. Ushbu tadbir yakunida A.Nikonorov ishtirokchilarning savollariga javob berdi. 52 nafar ishtirokchi murabbiy malakasini oshirish bo'yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Ushbu amaliy seminar murabbiylar shtabiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, qo'shimcha bilimlarini yosh sportchilar va MTJ a'zolari bilan ishlashda qo'llash uchun imkoniyat yaratib berdi. Eshkak eshish sport turlarini ommalashtirish, Respublika Milliy terma jamoamizni muhim xalqaro musobaqalarga tayyorlash maqsadida bunday tadbirlarni davom ettirishga qaror qilindi.