Kuni kecha Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining navbatdagi 41-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi

Ushbu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov, Bosh Assambleya aʼzolari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼullari ishtirok etishdi. Unda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirib olindi. Qayd etish joiz, Prezidentimiz 2022-yil 23-may kuni Sport vaziri Adham Ikramovga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha topshiriq bergan edilar. Shu bois, Adham Ilhamovich Bosh Assambleya avvalida ortda qolgan Olimpiya siklida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Shuningdek, kun tartibidagi ko‘plab masalalar koʻrib chiqildi. Dastavval, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga yangi rahbar saylandi. Abdulla Nigmatovich ushbu lavozim uchun nomzod haqida toʻxtalar ekan, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish lozimligi, mamlakatimizning koʻp ming sonli olimpiya oilasi, sportchi va murabbiylarning iltimosini inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini ilgari surdi. Nomzod barcha delegatlar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi va Sh.M.Mirziyoyev Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining raisi etib saylandi. Shuningdek, Qoʻmita raisining oʻrinbosarlari tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga muvofiq, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQ raisining birinchi oʻrinbosari, Oybek Kasimov Bosh kotib va Sherzod Tashmatov rais oʻrinbosari lavozimiga saylanishdi. Tadbir davomida Qoʻmitaning yangilangan ustavi ham tasdiqlab olindi.