O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yangidan bunyod etilgan eshkak eshish bazasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Bosh kotibi Oybek Kasimov, qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston “ROWING & CANOE” federatsiyasi vakillari, universitet rektori Rashid Matkarimov, prorektorlar, soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar, murabbiylar hamda sportchilar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu sport bazasi nafaqat universitet sportchi talabalari, balki terma jamoa a’zolari, Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilari uchun ham faol mashg‘ulot olib boriladigan majmua bo‘lib xizmat qilishi, shuningdek eshkak eshish sportini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni professional sportchilar qilib tayyorlashda muhim o‘rin tutishiga ishonch bildirishdi. Marosim qatnashchilari universitet sport inshootlari faoliyati bilan tanishib, olib borilayotgan mashg‘ulot jarayonlarida qatnashishdi. Sportchi va murabbiylar bilan muloqot o'tkazishdi. Sport mutasaddilari xalqaro talablar asosida bunyod etilgan ushbu majmuada boshlangan ilk musobaqa – baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti ochiq chempionatida ham ishtirok etishdi.