O’zbekiston “ROWING & CANOE” federatsiyasi raisi Bobir Islamov va rais birinchi o’rinbosari Bobur Yusupov boshchiligidagi ishchi guruh Tuyabo’g’iz suv qo’rg’onidagi Toshkent degizida joylashgan bazalarni ko’zdan kechirishdi. Bazadagi mavjud shart-sharoitlar, sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari, ularning kunlik tartibi, shuningdek, moddiy-texnik ta’minot holati atroflicha o‘rganildi. Murabbiylar bilan alohida suhbatlar olib borilib, ish samaradorligini oshirish, mashg‘ulotlar sifatini yanada yaxshilash borasida amaliy tavsiyalar berildi. Mashg‘ulot jarayonida ishtirok etayotgan yosh sportchilar bilan bevosita muloqot qilinib, ularning maqsadlari, muammolari va kelajak rejalari o‘rganildi. Shuningdek, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr almashildi. Uchrashuv davomida eshkak eshish sportining ikki yo‘nalishi bo‘yicha (baydarka va kanoe, akademik eshkak eshish) yoshlarni keng jalb etish, ularning sonini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Murabbiylar va soha mutaxassislari bilan yangi Olimpiya sikliga tayyorgarlik doirasida olib borilayotgan ishlar, sportchilarimizning xalqaro maydondagi natijalari muhokama qilindi va bu borada fikr almashildi. Mazkur tashrif doirasida aniqlangan muammolar va tavsiyalar asosida tegishli yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi hamda bazalarning infratuzilmasini zamon talabiga mos ravishda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.