Salomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida o‘tayotgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda.
Yig‘inga 16 nafar sportchi jalb etilgan, shuningdrk, 4 nafar murabbiy hamda 2 nafar xalqaro mutaxassis Pavel Smirnov, Hernanz Samuel mashg‘ulotlarda faoliyat olib boryapti.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida terma jamoamiz vakillari bilan birgalikda Buyuk Britaniya, Germaniya, Slovakiya, Sloveniya, Xitoy, Polsha, Rossiya, Shveysariya, Xorvatiya, Andorra, Fransiya va Niderlandiya jamoalari ham qatnashmoqda.
Yig‘in 20-fevralga qadar davom etadi. Shundan so‘ng slalomchilarimiz 2–8-mart kunlari Tailandda bo‘lib o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va ICF Ranking musobaqalarida ishtirok etishadi.
Ekstrim slalom yo‘nalishida esa ushbu bahslarda yurtimiz sharafini Samandar Saydullayev, Daniyor Islomov va Mustafo Matiboyev himoya qiladi.
Ta’kidlash joizki, milliy terma jamoa tarkibidan joy olgan yetakchi sportchilarning sport anjomlari yangilangan bo‘lib, ular musobaqalarda yangi qayiqlarda ishtirok etishadi.